Butunjahon Gepatit kuni og‘ir patologiyalar va jigar saratonini keltirib chiqaradigan yallig‘lanishli jigar kasalligi bo‘lgan Virusli Gepatit haqida xabardorlikni oshirish uchun nishonlanadi.
JSST ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda har 30 soniyada bemor virusli gepatit bilan bog‘liq kasalliklar tufayli vafot etadi, har yili 1,5 million yangi gepatit B infeksiyasi qayd etiladi va taxminan 296 million inson gepatit B bilan kasallanganligi taxmin qilinmoqda.
Gepatit virusli kasallik hisoblanib, bemorda jigar hujayralari zararlanishi kuzatiladi. Qolaversa, uning faoliyati buzilishi oqibatida organizmda intoksikasiya — zaharlanish yuz beradi.
Virusli gepatitning asosan 6 ta — A, B, C, D, E, G kabi turlari mavjud. Ular klinik kechishi va oqibatlari bilan bir-biridan farq qiladi.
Yurtimizda esa asosan kasallikning A, B, C turlari ko‘p uchraydi.
Bugun yurtimizda ushbu xavfli xastalikni o‘z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mazkur yo‘nalishda yurtimizdagi bosh muassasa bo‘lib, bu yerda nafaqat gepatit, balki inson hayotiga xavf tug‘diruvchi bir qancha yuqumli xastaliklarni samarali davolash yo‘lga qo‘yilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining 2024-yil 15-iyuldagi 02-22/15515-sonli Ko`rsatma xatini ijrosini ta'minlash hamda "Xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni"ni keng nishonlash maqsadida 25- iyul kuni
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va filiallarida malakali mutaxasisslar jalb qilinib Butunjahon gepatit kunini o‘tkazish, birinchi navbatda, keng jamoatchilik va mutaxassislar e'tiborini ushbu muammoga jalb qilish, har bir mamlakat fuqarolarining profilaktika tadbirlarini o‘tkazishga qiziqishini oshirishga qaratilgan seminar va uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Har bir inson tomonidan gigienik bilimlarni amalda qo‘llash, gepatit A va B immunoprofilaktikasining ahamiyatini tan olish, shuningdek vaksinasiyada ishtirok etish nafaqat har bir mamlakat, balki butun dunyo aholisining sog‘lig‘ini saqlashga yordam beradi.