post image

Bugun poytaxtimizdagi “Trilliant Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston – AQSH sog‘liqni saqlash haftaligi doirasida yirik anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Anjumanda AQSH sog‘liqni saqlash va xizmat ko‘rsatish departamenti rahbari o‘rinbosari Andrea Palm onlayn videomurojaat yo‘lladi. Murojaatda ikki mamlakat o‘rtasidagi tibbiyot sohasidagi hamkorlik istiqbollari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Ikki kun davomida bo‘lib o‘tadigan ushbu tadbirda ikki mamlakatning sog‘liqni saqlash sohasi mas’ullari, diplomatik korpus vakillari, olimlar va ekspertlar, AQSHning yetakchi xususiy tibbiyot markazlari hamda yirik farmasevtik korxonalar rahbarlari ishtirok etmoqda.
Ta’kidlash joizki ikki mamlakat o‘rtasida farmasevtika, laboratoriya tadqiqotlari, kadrlar tayyorlash kabi ko‘plab yo‘nalishlarda o‘zaro aloqalar yanada mustahkamlanmoqda. 

Anjuman davomida O‘zbekiston va AQSH tibbiy oliy ta’lim muassasalari, tibbiyot markazlari va farmasevtika korxonalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi. 

Jumladan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi va Templ universiteti o‘rtasida Memorandum imzolandi. 

‼️ Memorandum doirasida:
o‘qituvchilar va kadrlar almashinuvi;
ilmiy izlanuvchilar va bitiruvchi talabalar almashinuvi;
ilmiy materiallar, maqolalar va ilmiy ma’lumotlar almashinuvi; 
hamkorlikda dasturlar, ilmiy konferensiya va tadqiqotlar olib borishga kelishib olindi.