post image

SSV: onalar va bolalar salomatligining dolzarb masalalari muhokama qilindi!

Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan Qashqadaryo viloyatida onalar va bolalar sog'ligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash mavzusida yig'ilish o'tkazildi.

Videokonferentsiya tarzida o'tgan muloqotda vazir A.Inoyatov onlayn tarzda ishtirok etdi.

Qayd etish kerak, joriy yil 8 sentyabrda qabul qilingan "onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to'g'risida"gi Prezident qarori ushbu soha rivoji uchun asos bo'lmoqda.

    Tanqidiy-tahliliy ruhda o'tgan tadbirda aytilishicha,  
    bugungi kungacha homilador ayol bitta holatda tashxis qo'yilishi uchun uchta tashkilotga murojaat qilishga majbur edi.

    Ya'ni, u reproduktiv salomatligi bo'yicha bir markazga, homiladagi tug'ma nogironlik, genetik kasalliklarni aniqlash uchun skrining markaziga va tug'ish jarayonida qandaydir asoratlar bo'lsa, tug'uruqxonaga alohida murojaat qilishi kerak bo'lgan.

    Birlamchi ambulator tizimda tumandagi tug'uruq majmualari, perinatal markazlar va respublika tug'uruq muassasalari bilan bog'liqlik deyarli yo'q edi.

Yuqoridagi qarorning tarixiy ahamiyatlaridan biri mamlakatimizdagi onalar va bolalar salomatligiga mas'ul muassasalarni yagona tizimga birlashtirgani bo'ldi.

    Vazir o'z nutqida bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga to'xtalib, hududlarda ushbu yo'nalishda faoliyat olib borayotgan markazlarning hammasida ham vaziyat yaxshi emasligini keskin tanqid qildi.

    Xususan, ayrim muassasalarda ta'magirlik, davlat byudjeti mablag'larining noqonuniy o'zlashtirilishi, aynan bir xususiy diagnostika markazida bemorlarning tekshiruvdan o'tishlarini uyushtirish, yuqori turuvchi tuzilmalar buyruqlarini bajarishda sustkashlikka yo'l qo'yish holatlari aniqlangani qayd etildi.

Muloqotda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiallariga kreativ fikrlovchi, bilimli va o'z ishida yuqori malakaga ega rahbarlarni tayinlash masalasi ham ko'rib chiqildi.

Qator hududiy perinatal markazlarda rahbarlik qilib kelayotgan tajribali mutaxassislar yangi tashkil etilgan muassasada o'z ishini davom ettirishi belgilangan bo'lsa, faoliyatida kamchiliklarga yo'l qo'ygan, yangilikka intilmagan mas'ullar o'rniga yangi rahbarlar tayinlandi, ayrimlari uchun esa sinov muddati belgilandi.

Xususan, ona va bola markazining Qoraqalpog'iston Respublikasi, Navoiy va Surxondaryo viloyati filiallariga yangi direktor tayinlangan bo'lsa, Toshkent shahar filiali direktori lavozimidan ozod etildi.

Ushbu mas'ullarga davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan topshiriqlarni o'z vaqtida hamda yuqori darajada bajarish, faoliyatini quyi tizimlardan boshlab tashkil etish, aholiga xizmat ko'rsatishda halollik va professionallik sifatlarini namoyon qilish, shuningdek, tizimni elektronlashtirish, o'z hududidagi homilador va fertil yoshdagi ayollarning yagona elektron bazasini yaratishni tezlashtirish kabi bir qator muhim vazifalar yuklatildi.