Virusli gepatit — dunyoda keng tarqalgan xavfli kasalliklardan biri.
Ushbu yuqumli xastalikka qarshi samarali kurashish va uning oldini olish maqsadida har yili dunyo bo‘ylab 28-iyul — Xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.
Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida mazkur sanaga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, soha olimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, har yili jahonda ko‘plab insonlar virusli gepatit bilan kasallanadi. Shu jumladan yurtimizda ham.
Shu bois mamlakatimizda mazkur xavfli kasallikni o‘z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2022-yil 16-maydagi tegishli qaroriga muvofiq, birlamchi bo‘g‘inda gepatitning B va C turlarini erta aniqlash maqsadida bepul skrininglar o‘tkazilyapti.
Kasallikning C turi tasdiqlangan bemorlarga zarur dori vositalari bepul berilmoqda. Shuningdek, 2021-yildan boshlab yurtimizda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni gepatit B ga qarshi emlash tadbiri Milliy emlash taqvimiga kiritilgan.
Tadbirda shu haqda so‘z borar ekan, xastalikning yuqish yo‘llari, oldini olish choralari, emlanishning ahamiyati xususida yig‘ilganlarga atroflicha ma’lumot berildi.
Qolaversa, sog‘lom turmush tarzi va shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish hamda profilaktik tibbiy ko‘riklardan doimiy o‘tish orqali virusli gepatitning oldini olish mumkinligi alohida ta’kidlandi.